top of page
Houston Muzey_edited.jpg

Hyustondagi Abdulla Oripov She’riyat va Xotira Markazi — shoir umrining so‘nggi yillarini o‘tkazgan va ijodiy faoliyatining muhim bosqichi kechgan xonadonda tashkil etilgan uy‑muzeydir. Muzey ikki maxsus ajratilgan xonalardan iborat bo‘lib, ularda shoirning shaxsiy buyumlari, qo‘lyozmalari, kitoblari, rasmiy hujjatlari, turli yillardagi suratlari va uning ijodiy muhitini aks ettiruvchi ashyo­lar joy olgan.

Abdulla Oripov Hyustonda 200 ga yaqin she’r va “Samoviy to‘y” dramatik asarini yozgani bilan bu maskan alohida ahamiyatga ega. Muzeyning ikki maxsus xonalari asl holatida saqlab qolingan bo‘lib, mehmonlar shoir yashagan va ijod qilgan muhitni bevosita his qilish imkoniga ega bo‘ladilar.

Mazkur maskan 2026 yil 21 iyun kuni rasmiy ochilib, keng jamoatchilikka taqdim etilgan. Bu maskan nafaqat xotira joyi, balki yoshlar, tadqiqotchilar va adabiyot ixlosmandlari uchun xalqaro adabiy muloqot va ilhom manbaini yaratishga qaratilgan.

Abdulla Oripov Uy-Muzeyi-Toshkent (Do'rmon)
Dormon Muzey.jpg

Toshkentning Do'rmon ijod maskanida joylashgan Abdulla Oripov Uy‑Muzeyi — shoirning asosiy yashagan uyi bo‘lib, uning ijodiy merosi va shaxsiy hayotini to‘la yoritib beruvchi noyob madaniy makondir. Bu maskan Do'rmon ijod uyi bilan bir majmuani tashkil qiladi va O‘zbekiston adabiyotining eng mashhur ijodkorlari to‘plangan muhitning markazida joylashgan.

Ekspozitsiyada shoirning qo‘lyozmalari, shaxsiy buyumlari, mukofotlari, rasmiy hujjatlari, turli yillardagi suratlari va uning ijodiy jarayonini aks ettiruvchi ashyo­lar saqlangan. Muzeyda Abdulla Oripov foydalangan ish stoli, kitoblari, qoralamalari va ijodiy muhiti asl holatida tiklangan. Muzeyda O‘zbekiston davlat madhiyasiga bag‘ishlangan maxsus xona tashkil etilgan bo‘lib, unda bastakor Mutal Burhonov madhiyani yaratish jarayonida ishlatgan asl pianino, shoir foydalanib ijod qilgan yozuv mashinkasi, hamda madhiyaning dastlabki qo‘lyozma nusxalari saqlanadi.

Mazkur maskan 2026 yilda shoirning 85 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan qayta ta’mirlanib, keng jamoatchilik uchun ochilgan. Durmondagi uy‑muzey Abdulla Oripovning 20 yillik ijodiy hayotini, uning ruhiy olamini va asarlar yaratilgan muhitni to‘la namoyon etadi. Bu joy nafaqat xotira makoni, balki yoshlar va tadqiqotchilar uchun milliy adabiyotni chuqur o‘rganishga xizmat qiladigan madaniy markazdir.

Abdulla Oripov Xotira Majmuasi — Qarshi
Qarshi Muzey.jpg

Qarshida joylashgan Abdulla Oripov Xotira Majmuasi — shoirning boy ijodiy merosini asrab‑avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida tashkil etilgan madaniy‑ma’rifiy maskandir. Majmua Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning birinchi qavatida joylashgan bo‘lib, zamonaviy muzey va ta’lim makonini o‘zida mujassam etadi.

Muzey O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan va 2018 yil 28 avgust kuni rasmiy ravishda ochilgan. Ekspozitsiyada shoirning shaxsiy buyumlari, turli yillarda olingan suratlari, ijodiy merosiga oid materiallar hamda yaqinlari tomonidan taqdim etilgan nodir eksponatlar namoyish etiladi.​ Majmuaning eng ta’sirli bo‘limlaridan biri — shoirning bolalik davriga bag‘ishlangan maxsus maket xonasi bo‘lib, unda Abdulla Oripov tug‘ilib o‘sgan uy manzarasi, shuningdek, uning beshigi (bolalik chog‘ida yotgan asl beshik) o‘z o‘rnida tiklangan. Bu maket shoirning ilk tarbiyasi, ruhiy shakllanishi va keyinchalik yuzaga kelgan ijodiy dunyoqarashining ildizlarini ko‘rsatib, muzeyga alohida ma’naviy chuqurlik beradi.

Maktab binosi yonida Abdulla Oripov haykali o‘rnatilgan bo‘lib, me’moriy ansambl shoirning she’rlaridan olingan misralar bilan bezatilgan. Muzey va maktab birgalikda milliy merosni chuqur o‘rganishga xizmat qiluvchi zamonaviy ta’lim muhitini yaratadi.

bottom of page